Rossiyaning Vorkuta shahridagi “Shimoliy” (“Severnaya”) konida sodir bo‘lgan qayta portlash oqibatida olti kishi qurbon bo‘ldi, besh kishi jarohat oldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib, “TASS” agentligining ma’lum qilishicha, portlash chog‘ida yer ostida 38 qutqaruvchi va 39 kon ishchisi bo‘lgan.
Halok bo‘lganlarning besh nafari qutqaruvchilar, yana biri konchidir. Jarohat olganlar shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, 25-fevral kuni konda, 780 metr chuqurlikda metan ajralib chiqishi oqibatida ikkita portlash sodir bo‘ldi, yer ostida yong‘in kelib chiqdi. O‘sha payti konda 111 kishi ishlayotgan edi. Hodisaning dastlabki soatlarida 81 konchi tashqariga olib chiqilib, ulardan to‘qqiz nafari tibbiyot xodimlariga murojaat qildi, olti nafari shifoxonaga yotqizildi.
4 konchi halok bo‘lgani, 26 nafarining taqdiri noma’lum ekanligi xabar qilingandi.
Izoh (0)