Sinay yarimorolida qulagan Rossiyaning A321 samolyoti halokatini tergov qilayotgan xalqaro komissiya Misr rasmiylaridan mamlakat prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyning fojiaga terror sabab bo‘lgani haqidagi so‘zlarini isbotlaydigan dalillarni taqdim etishni so‘raydi. Bu haqda “ElWatan.com” saytiga tayanib, “RIA Novosti” yozmoqda.
“Misr—2030” mamlakatni rivojlantirish loyihasi taqdimoti chog‘ida chiqish qilgan as-Sisiy Rossiya samolyotining halokatiga terakt sabab bo‘lganini birinchi marta e’tirof etdi. Uning so‘zlariga qaraganda, terrorchilar shu yo‘l bilan Misrni yakkalab qo‘yib, uning Rossiya, Italiya va boshqa davlatlar bilan aloqalarini buzishga harakat qilgan.
“Tergov komissiyasi davlatning oliy mansabdorining bunday bayonotlari faqat ishonarli dalil va axborot bo‘lganidagina berilishini juda yaxshi biladi. Shu munosabat bilan komissiya mas’ul organlardan bunday dalillarni taqdim etib, texnik tergovni tugatish va ishni bosh prokurorga oshirishda yordam berishni so‘raydi”, – deb tushuntirdi mamlakat fuqarolik aviatsiyasi vazirligi vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning 31-oktabr kuni Rossiyaning “Kogalimavia” kompaniyasiga tegishli Airbus A321 samolyoti Sinayda quladi. Bortda bo‘lgan 217 yo‘lovchi va ekipajning yetti nafar a’zosi halok bo‘ldi.
Izoh (0)