Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov bilan “Biz yoshlar sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Universitet rektori Yesemurat Kanyazov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim olishi, chet tillarini puxta egallashi, qobiliyat va qiziqishlarini yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilayotganini ta’kidladi.
Ingliz tilida o‘tkazilgan tadbirda Ravshan Ermatov o‘zining hakamlik sohasida muvaffaqiyatga erishishi, xalqaro miqyosda faoliyat yuritishida xorijiy tillarni yaxshi bilgani muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.
– Bugungi kunda futbol shunchalik tezlashganki, unda hakamlik qilish, dunyoning manaman degan futbolchilarini boshqarish, ularning har bir harakatiga vaqtida, adolatli baho berish o‘ta qiyin va mas’uliyatlidir, – deydi Ravshan Ermatov. – Prezidentimizning “biz hech kimdan kam emasmiz” degan so‘zlarini yodimda tutib, o‘zimga ishonib harakat qilganim tufayli muvaffaqiyatga erishyapman. Eng nufuzli musobaqalarda ona Vatanimiz – O‘zbekiston nomidan qatnashish menga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Tadbirda futbolni rivojlantirish, mahoratli futbolchilarni tarbiyalash borasida ham fikr almashildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Izoh (0)