Janubiy Afrika Respublikasi parlamentida ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan Afrika milliy kongressining bosh kotibi Gvede Mantashe AQShning mamlakatdagi elchixonasi amaldagi hukumatni noqonuniy yo‘l bilan almashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. Bu haqda, “TASS” agentligiga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
“Biz AQSh elchixonasida muntazam o‘tkazilayotgan yashirin uchrashuvlardan xabardormiz. Ularning maqsadi bitta – rejimni almashtirish uchun odamlarni ko‘chalarga chiqarish”, – dedi siyosatchi partiya tarafdorlari ishtirokida o‘tkazilgan yirik mitingdagi chiqishida.
Mantashening fikricha, AQShda o‘qib kelgan talabalar JARdagi oliy ta’lim muassasalarida norozilik harakatini keltirib chiqarishga jalb qilib kelinmoqda.
“Ular qaytib keladi va universitetlarga joylashib oladi”, – ta’kidladi Mantashe. U JARda ham Liviya va Misrdagi kabi harakatlar tayyorlanayotganini e’tirof etdi.
AQShning JARdagi elchisi Patrik Gaspard Mantashening ayblovlarini rad etdi.
“O‘sha maxfiy uchrashuvlarga meni ham taklif qilishlarini istagan bo‘lardim, – kinoya bilan fikr bildirdi diplomat. – O‘z muammolaringda boshqalarni aybdor qilish kerak emas”.
Izoh (0)