Rim papasi va patriarx Kirillning uchrashuviga ikki yil davomida maxfiy tayyorgarlik ko‘rilgan
Rim papasi Fransisk Moskva va butun Rossiya patriarxi Kirill bilan uchrashuvga ikki yil tayyorgarlik ko‘rilganligini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
“Ikki yil davomida maxfiy ravishda muzokaralar olib borildi”, — dedi pontifik Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida.
U ushbu uchrashuv katolik va pravoslavlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi uchun bir qadam bo‘lishiga umid qilayotganligini ma’lum qildi.
“Biz asta-sekinlik bilan boshqa tomondagilarga qo‘l berish uchun ko‘priklar qurishimiz lozim. Bu kabi ko‘priklar abadiy bo‘lib, tinchlikni saqlash uchun yordam beradi”, — dedi Rim papasi.
Eslatib o‘tamiz, Rim papasi Fransisk tarixda ilk bor Rus pravoslav cherkovi rahbari, patriarx Kirill bilan 12-fevral kuni Kubada uchrashishi haqida ma’lum qilingan edi.