O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining 3-fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rashid Matkurbanovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, Rashid Matkurbanovning bergan arizasiga asosan, komissiya uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati vakolatini muddatidan avval tugatish haqida qaror qabul qildi.
Ma’lumot uchun, 1977-yilda tug‘ilgan Rashid Matkurbanov 6-Chimboy saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan edi. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos hisoblangan Rashid Matkurbanov palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi edi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 47-moddasiga muvofiq, MSK ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan, boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.
Izoh (0)