Misrda bundan bir necha kun avval yo‘qolgan italiyalik talaba jasadi Qohiraning chekka hududidan topildi. Jasadda qiynoq izlari, jumladan, pichoqdan yetgan ko‘plab yaralar va sigaret bosilganidan qolgan kuyishlar aniqlangan. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Mamlakatga tadqiqotlar o‘tkazish uchun kelgan 28 yoshli Julio Regeni 25-yanvar kuni yo‘qolib qolgandi. Bu paytda Misrda Husni Muborak tuzumi ag‘darilishiga olib kelgan namoyishlarning 5 yilligi munosabati bilan huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan tartibga o‘tkazilgandi. Maxsus xizmatlar xorijliklarni amaldagi rasmiylarga qarshi aksiyalar tayyorlashda gumon qilayotgan, politsiya esa viza muddati tugaganlarini mamlakatdan chiqarib yuborish, mahalliy faollarni qo‘lga olish bilan shug‘ullanayotgandi.Italiya tashqi ishlar vaziri Regenining o‘limi munosabati bilan Misr elchisini chaqirtirdi va talabaning o‘limi tafsilotlarini tekshirish guruhiga italiyalik ekspertlarni qo‘shishni talab qildi.
Izoh (0)