Hindistonda Zika virusiga qarshi birinchi emlash vositasi kashf qilindi. Bu haqda “Bxarat Biotex” ishlab chiqaruvchi kompaniya boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Krishna Ella bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
“Haydaroboddagi ikkita laboratoriyamizda vaksinaning ikki xil turi ishlab chiqilgan. Biz patent olish uchun to‘qqiz oy oldin murojaat qilganmiz. Shuning uchun butun jahon og‘ir kasallikning tarqalib ketishiga qarshi kurashayotgan bir vaqtda, rasmiylashtirish ishlari qisqa muddat ichida hal etilishiga umid qilamiz”, ― dedi Ella.
Shifokorning ma’lum qilishicha, vaksinalarni tekshiruv jarayonidan tezlashtirib o‘tkazish maqsadida kompaniya hukumat va Hindiston Tibbiy tadqiqotlar kengashiga (ICMR) murojaat qilgan.
“Haydaroboddagi mutaxassislarimiz tomonidan kashf etilgan vaksina, haqiqiy olimlarga xos uzoqni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatining yorqin namunasidir. Biz talabnomani qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqib, dunyoga kerak bo‘lgan vaksinani sanoatda ishlab chiqarishga ruxsat beramiz”, ― dedi ICMR bosh direktori.
Ta’kidlanishicha, “Bxarat Biotex” kompaniyasi to‘rt oy davomida bir millionta vaksina dozasini ishlab chiqarishga qodir.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Zika virusi tufayli xalqaro favqulodda vaziyat e’lon qilgan edi.
Izoh (0)