Har yili yuz millionlab xitoyliklar Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yilni oilalari bilan nishonlash uchun yo‘lga otlanadi. 8-fevraldan boshlanadigan bu yilgi bayram bilan bog‘liq safarlar noqulay ob-havo sharoiti tufayli qiyin kechmoqda, deya xabar beradi Tjournal.
Qor va yomg‘ir sababli Guandun viloyatidagi Guanchjou shahri vokzalidan 30 dan ziyod poyezdning ketishi kechiktirildi, bu esa bino ichi va uning atrofida 100 mingga yaqin kishi to‘planishiga sabab bo‘ldi. Ayrim yo‘lovchilar poyezdini vokzalda o‘n soatdan oshiq kutdi, binoga kirishda uzundan-uzun navbat paydo bo‘ldi.
Ko‘pchilik xitoyliklar vokzalga poyezd jo‘nashidan bir yoki ikki kun avval kelib, vaziyatni o‘zlari chigallashtirdi. Vaholanki, mahalliy rasmiylar yo‘lovchilardan erta kelmaslikni so‘ragan, metro poyezdlari va parom harakatini cheklagan, taksi haydovchilariga esa odamlarni vokzalga yetkazib kelishni man etgandi.
Rasmiylarning asosiy maqsadi 2014-yil 31-dekabrda Shanxayda sodir bo‘lgan tiqilinchni oldini olish bo‘ldi: o‘shanda 36 kishi nobud bo‘lgan, 47 kishi jarohat olgandi.
https://youtu.be/38dimj-TzZs