Gruziyada cho‘chqa grippi (H1N1 virusi)dan so‘nggi uch hafta ichida uch kishi vafot etdi. Bu haqda Kasalliklar va jamiyat sog‘lig‘ini nazorat qilish milliy markazi direktori bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Direktorning ma’lum qilishicha, 2016-yilning yanvar oyida laboratoriyada tasdiqlangan H1N1 virusi bilan kasallanish oqibatida uchta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, marhumlarning uchalasi ham erkak kishi bo‘lgan.
Uchala bemorda ham gripp bilan birga boshqa og‘ir kasallik ham aniqlanib, ular xavf-xatarli guruhga mansub bo‘lgan va bemorlarning barchasi shifoxonalarga kech murojaat qilgan.
Ta’kidlanishicha, cho‘chqa grippining tarqalish xavfi yo‘q.
Kasallik og‘irlashib ketmasligi uchun barcha bemorlarga o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish va kasallikning oldini olish maqsadida majburiy tartibda emlatish tavsiya qilinmoqda.
Izoh (0)