AQShning Pensilvaniya shtati politsiyachisi unga miltiq o‘qtalgan erkakdan himoyalanib, erkakning orqasida ko‘rinmay turgan 12 yoshli qizchasini tasodifan otib o‘ldirdi. Bu haqda NBC bergan ma’lumotlarga asosan “Interfaks” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Stark Stil ismli politsiyachi ijara haqidan 1,78 ming dollar qarzdor bo‘lgan 57 yoshli erkakning uyiga kelgan. Erkak politsiya vakilining tashrifi haqida oldindan xabardor bo‘lib, uni qo‘lida miltiq bilan kutib oldi. Taxminlarga ko‘ra, politsiyachi o‘zini himoya qilish maqsadida unga tahlika solgan odamga qarata o‘t ochishga majbur bo‘lgan.
Otilgan o‘q uy egasining qo‘lini yaralab o‘tib, uning ortida, bo‘sag‘ada turgan qizga tegdi. Natijada qizcha voqea joyida halok bo‘ldi.
Politsiyachiga nisbatan ayblov qo‘yilish-qo‘yilmasligi noma’lum.
NBC’ning ta’kidlashicha, yaralangan erkak shifoxonaga yuborilib, hibsga olindi.
Izoh (0)