Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar beradi.
Yaqinda “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan kirib kelgan yo‘lovchi poyezdini bojxona nazoratidan o‘tkazish chog‘ida fuqaro B.Alimov (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 2 ming quti Parliament sigaretining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Xorijda ishlab chiqarilgan va O‘zbekiston aksiz markalari bilan markalanmagan ushbu tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati salkam 29 million so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, fuqaro Sh.Xolboyev noqonuniy ravishda olib kirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan markalanmagan, qiymati 11,5 million so‘mlik 880 quti Parliament va Parliament carat nomli tamaki mahsulotining bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni taqdim qila olmadi.
Bojxona xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar N.Nuraliyeva hamda M.Eshchonovalar amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganida, ularning yonida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 4 turdagi 270 quti tamaki mahsuloti borligi fosh qilindi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan 2015-yil davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda salkam 600 ta bojxona qoidabuzarligi fosh qilinib, qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.
Izoh (0)