Boris Nemsovni o‘ldirgan jinoyatchilar 2015-yilning 27-fevraliga qadar siyosatchini o‘ldirishga ikki marta urinib ko‘rgan. Bu haqda Zaur Dadayev va Anzor Gubashevning ko‘rsatmalariga tayanib, “Gazeta.ru” xabar beradi.
Ayblanuvchilarning so‘zlariga qaraganda, ular Nemsovga yaqinlashib, unga qarata o‘t ochmoqchi bo‘lgan, biroq odamlar ko‘p bo‘lganligi uchun bu niyatini amalga oshirmagan.
Jinoyatchilar uzoq vaqt davomida Nemsovni topa olmaganligi uchun u 27-fevral kuni ham omon qolishi mumkin edi.
“Zaur Zamoskvoretskiy ko‘prigi bo‘ylab Nemsov va Anna Duritskayaning ortidan ketayotib, Kreml yaqinida o‘t ochish-ochmaslik haqida o‘ylab ko‘rayotgan bo‘lgan. Shu paytda o‘q ovozini bosib ketishi mumkin bo‘lgan qor tozalaydigan mashina o‘tib qolgan. Bu esa masalani qotillik foydasiga hal qilgan”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, tergov siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishi haqidagi ish bo‘yicha Zaur Dadayev, Shadid Gubashev, Xamzat Baxayev va Tamerlan Eskerxanovga nisbatan yakuniy ayblov e’lon qilganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)