AQSh prezidenti ma’muriyati Shimoliy Koreyani xalqaro majburiyatlarni bajarishga chaqiradi. Bu haqda, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Ned Praysga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Biz hozircha vodorod bombasi sinovi haqidagi axborotlarni tasdiqlay olmaymiz. Biz BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining har qanday buzilishini qoralaymiz va Shimoliy Koreyani o‘ziga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz”, — dedi Prays.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyasiga tegishli tarzda javob qaytaradi.
6-yanvarga o‘tar kechasi Shimoliy Koreyaning Pungeri yadroviy poligoni joylashgan hududda 5,1 magnitudali zilzila yuz bergani, yerosti silkinishlariga texnogen omil sabab bo‘lgani ma’lum qilingandi. Keyinroq Shimoliy Koreya televideniyesi mamlakat vodorod bombasini muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi.
Ushbu yadroviy sinov Yaponiya va Janubiy Koreya hukumatlari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi, bundan tashqari, mazkur holat sabab Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe mamlakat Milliy xavfsizlik kengashini favqulodda majlisga chaqirgan.
Voqealar rivoji: KXDRning vodorod bombasi
Izoh (0)