“Bilayn-O‘zbekiston” shu kunlarda takrorlanayotgan va aloqa operatorlari abonentlariga qaratilgan SMS-spam holatlari haqida ogohlantiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Bilayn-O‘zbekiston” axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarining aniqlashicha, umumiy spam-hujumning maqsadi — mobil qurilmaga zararli dasturni o‘rnatish va keyinchalik qurilma manzil kitobidagi barcha raqamlarga zararlovchi havolani tarqatishdir.
Ya’ni, abonent ko‘rsatilgan havola bo‘yicha o‘tsa, uning raqamlar ro‘yxati firibgarlarning qo‘liga tushadi. Buning natijasida abonentlar shaxsiy ma’lumotlarini, pul mablag‘larini yo‘qotishi, xavfli dasturni uyali moslamasiga yuklab olishi hamda raqami spam-ro‘yxatga tushib qolishi mumkin.
“Suratda ko‘rsatilgani kabi SMS-xabar olganingizda, berilgan havola orqali zinhor o‘tmasligingizni so‘raymiz — shunchaki uni o‘z uyali moslamangizgan o‘chirib tashlang. Hozirgi paytda ushbu sayt “Bilayn-O‘zbekiston” abonentlari uchun bloklangan. Xavfli dastur mavjud havolaning manzili o‘zgarishi mumkin”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Izoh (0)