O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2014—2015-yillarda qator sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan bir guruh sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Prezidentning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkentda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi foydalanishga topshirildi, O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi.
Bu kabi ezgu ishlar natijasida sportchilar jahon va qit’a miqyosidagi musobaqalarda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, 2014—2015-yillarda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan qator sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida jami 18 nafar o‘zbekistonlik sportchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Joriy yil o‘zbekistonlik sportchilar uchun yanada mas’uliyatli bo‘ldi. Sportchilar sovrinli o‘rinlar bilan birga XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun ham kuch sinashdi.
26 nafar sportchi Olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi, 24 nafari Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Rio-de-Janeyro Olimpiadasiga yengil atletikachilarda yettita, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, og‘ir atletika bo‘yicha beshtadan, taekvondo (WTF), suzish, erkin va yunon-rum kurashi ustalarida bittadan yo‘llanma bor. 2016-yilgi sport mavsumida ham yo‘llanmalar beruvchi qator chempionatlar va nufuzli turnirlar kutilmoqda.
Tadbirda jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar, ularning murabbiylari rag‘batlantirildi.
Izoh (0)