Polsha politsiyasi banan ortib ketayotgan yuk mashinadan mamlakat tarixida rekord miqdordagi kokainni topdi. Bu haqda TVN Warszawa telekanali bergan ma’lumotlarga asosan “Yevropeyskaya pravda” xabar qiladi.
Politsiya maxsus operatsiyani 19-dekabr, shanba kuni Polsha poytaxtidagi ko‘tara savdo omborxonalaridan birida o‘tkazdi. Natijada banan ortilgan yuk mashinaning egasi bo‘lgan haydovchi qo‘lga olindi.
“Gap 178 kilogramm kokain kontrabandasi haqida ketayapti. Uning qiymati 150 million zlotiyga (27 million yevro) baholanmoqda. Biz bu kabi sifatga ega bo‘lgan kokain partiyasini hozirga qadar qo‘lga olmagan edik. Uning 90 foizi – toza kokain”, ― dedi politsiya matbuot kotibi Mariush Mrozek.
Mrozek kokainning qanday qilib Kolumbiyadan Belgiya orqali Polshaga kelib qolganini aytib berdi va kokain yuk mashinaga ortilgan bananlarning orasiga yashirib qo‘yilganligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, katta miqdordagi giyohvandlik vositasini kontrabanda qilganligi uchun, 40 yoshli haydovchiga nisbatan kamida uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Polsha politsiyasining bayon qilishicha, kokain G‘arbiy Yevropa davlatlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Polsha bozori bu miqdordagi giyohvandlik vositasini qabul qilish uchun yetarli darajada rivojlanmagan. Kontrabandachilarning yo‘nalishlari chalkash bo‘lganligi sababli yuk mashinasi Belgiyadan kelgan deb ta’kidlanmoqda.
Izoh (0)