BMT Taraqqiyot dasturining Xorazm va Urganchdagi inklyuziv biznes loyihalari nogiron qiz va ayollarni ijtimoiy hayotga jalb etish, daromadlarini oshirish va jamiyat rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishiga imkoniyat yaratdi. Bu haqda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Daryo”ga xabar berdi.
Farog‘at Sa’dullayevaning tikuv korxonasi Urganchda nafaqat hamyonbop narxlar va yaxshi sifat, balki o‘z xodimlari bilan ham mashhurdir. “Urganch milliy tikuvchilik” korxonasi ochilgandan buyon bu yerda nogiron qiz va ayollar ishlab kelmoqda. Bu ish ular uchun faqatgina daromad manbasi bo‘lib qolmay, o‘zaro suhbatlashish, o‘qish, malaka oshirish va o‘z salohiyatini amalga oshirish uchun qulay imkoniyat hamdir.
Ushbu korxonaning rahbari Farog‘at Sa’dullayeva uzoq vaqt davomida Urganchdagi 94-sonli maxsus maktabda tikuvchilikdan saboq berdi. O‘qituvchi sifatida o‘z faoliyatini tugatgandan so‘ng, o‘quvchilarining iltimoslariga ko‘ra mazkur korxonani tashkil etdi. 2013-yilda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston Biznes Forumi” loyihasi va Sasol kompaniyasining ko‘magida Farog‘at Sa’dullayeva yangi tikuv mashinalarini sotib olib, korxonasini kengaytirdi.
Bugungi kunda “Urganch milliy tikuvchilik” korxonasida 30 ga yaqin mahsulot turlari ishlab chiqariladi. Milliy kiyimlar, choyshab va boshqa uyga kerakli mahsulotlar shular jumlasidandir.
“Urganch milliy tikuvchilik” korxonasi 200 dan ortiq nogiron qiz va ayollarga tikuvchilik ko‘nikmalarini egallashga yordam berdi. Ushbu yangi faoliyat ularga doimiy daromadga ega bo‘lish hamda o‘z g‘oyalari va mehnati jamiyatga kerakli ekanligini his etishiga imkoniyat beradi.
Xorazmda imtihondan o‘tgan ushbu inklyuziv biznes modeli “Orol dеngizi inqirozi natijasida jabr ko‘rgan aholining hayotiy faoliyatini ta’minlash” BMT Qo‘shma dasturi ishtirokida Nukusda ham amalga oshirildi. Nogiron qizlar ishlaydigan tikuv korxonasi Qoraqalpog‘iston nogironlar jamiyati ko‘magida tashkil etilgan.
Izoh (0)