Hindiston va Pokiston keng qamrovli muloqotni boshlashga kelishib oldi. Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj ma’lumotiga tayanib “RIA Novosti” xabar beradi.
“Pokiston bilan muzokaralarni boshlash haqida qaror qabul qilindi. U ‘Keng qamrovli ikki tomonlama muloqot’ nomini oldi. Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlariga muloqot doirasidagi uchrashuvlar jadvali va shartlarini ishlab chiqish haqida topshiriq berildi”, — dedi u parlamentdagi chiqishida.
“Pokiston bilan yangi muloqot ikkita maqsadni ko‘zda tutadi: muammoli masalalarni muhokama etish orqali konstruktiv yechimlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va shu bilan bir paytda hamkorlik uchun aloqalarni o‘rnatish. Yangi muloqot barcha hududlarda tinchlik va taraqqiyotning boshlanishini anglatishiga ishonchimiz komil”, — deb ta’kidladi Sushma Svaraj.
Izoh (0)