Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya harbiy kemasining Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tishda provokatsiya qilganligiga e’tiroz bildirdi. Bu haqda “Interfaks” bergan ma’lumotlarga asosan “Korrespondent.net” xabar qilmoqda.
Bir qator turkiyalik OAVda, 2015-yil 6-dekabrda suratga olingan “Sezar Kunikov” katta desant kemasi Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tayotganda uning palubasida qo‘lida mobil zenit raketali kompleks (MANPADS) ushlab turgan rossiyalik harbiyning surati chop etilgan.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog‘lu ushbu voqeani provokatsiya deya baholadi.
“Harbiy kemalar Bosfor orqali qanday tartibda o‘tishi lozimligi hammaga ma’lum va bu Montryo konvensiyasida qayd etilgan. Bosfor orqali o‘tayotganda rossiyalik harbiyning qo‘lida bo‘lgan narsani biz bilvosita tahdid deya baholaymiz va bu hodisani provokatsiya, deb hisoblaymiz”, ― deya ta’kidladi Chavushog‘lu.
Izoh (0)