Hindistonning janubida joylashgan Tamilnadu shtatida suv toshqini oqibatida kamida 310 kishi halok bo‘ldi. O‘tgan kunning o‘zida 45 nafar qurbon bo‘lganlarning jasadi topildi. Bu haqda Hindiston Ichki ishlar vaziri Rajnatx Singx tomonidan berilgan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Politsiyaning ma’lumotiga ko‘ra, sodir bo‘lgan o‘lim hodisalarining deyarli yarmi elektrning qisqa tutashuvi oqibatida yuz bergan. “Bu Hindiston janubida sodir bo‘lgan so‘nggi 100 yil ichidagi eng kuchli suv toshqini bo‘ldi. Vaziyat juda tahlikali. Armiya va milliy favqulodda vaziyat kuchlari yetti mingdan ortiq odamni qutqardi, lekin, yana shuncha odam evakuatsiya qilinishini kutmoqda”, ― deya ma’lum qiladi Singx.
Suv toshqini boshlangandan buyon hukumat 250 mingdan ortiq odamni vaqtinchalik turar-joylarga evakuatsiya qilishiga to‘g‘ri kelib, ularning ko‘pchiligi mol-mulkidan ayrilib, boshpanasiz qoldi.
Shiddatli yomg‘irlar hududda ikki haftadan beri yog‘moqda va sinoptiklarning xabarlariga ko‘ra, yana bir necha kun davom etadi. Ushbu hodisadan 5 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Chennai megapolisi eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Shaharning katta qismi suv ostida qoldi va suvning sathi ayrim joylarda 1,5―2 metrga ko‘tarilgan. Aholining qariyb 60 foizi elektr ta’minotidan mahrum bo‘lib, taxminan 40 foizi uyali aloqa tarmog‘idan uzilgan. Chennaida barcha ta’lim berish muassasalari yopildi, zavod va fabrikalar, shu jumladan, avtomobil ishlab chiqarish konveyerlari to‘xtatildi.
Oldinroq Hindiston janubidagi suv toshqini qurbonlari soni 188 kishiga yetganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)