AQSh prezidenti Barak Obama o‘zining haftalik murojaati chog‘ida mamlakatda suriyalik qochoqlarni qabul qilishda davom etishga chaqirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“‘Meyflauer’ kemasi Atlantika okeanini kesib o‘tganidan beri oradan 400 yil o‘tgan bo‘lsa-da, dunyo hanuz o‘zlari va oilalari uchun xavfsizroq, yaxshiroq kelajakdan boshqa hech narsa kerak bo‘lmagan erkak va ayollarga to‘la. Amerikani Amerika qiladigan jihat shundaki, biz ularga bunday imkoniyatni yaratib beramiz”, — deya ta’kidlagan Obama.
AQSh prezidenti suriyalik qochoqlarni Shukronalik kuni (AQShda noyabr oyining to‘rtinchi payshanbasida nishonlanadigan bayram) oilalariga qabul qilish taklifi bildirilgan maktublarni yo‘llagan amerikaliklarning bag‘rikengligidan to‘lqinlanganini ma’lum qildi.
Sentabr oyida Barak Obama 2016-yil sentabriga qadar AQShda 10 mingga yaqin suriyalik qochoqlarni qabul qilish dasturini e’lon qilgandi. Davlat departamenti Parijdagi teraktlar va IShIDning mamlakatga nisbatan tahdidlariga qaramay, mazkur rejalar o‘zgarmasligini bildirdi.
Izoh (0)