Checheniston prokuraturasi talabiga binoan Grozniy sudi Fransiyaning hajviy jurnali Charlie Hebdo’ning tvitterini taqiqladi. Bu haqda prokuratura rasmiy saytiga asoslanib, “Meduza” xabar bermoqda.
Prokuraturaning ma’lum qilishicha, Charlie Hebdo tvitterida “dindorlarning e’tiqodi ustidan kulish, payg‘ambar siymosiga nisbatan hurmatsizlik bilan qarash hamda Misrda Rossiyaning A321 samolyotining qulashi aks etgan kulgili rasmlarni uchratish mumkin”.
Charlie Hebdo’ning rasmiy tvitterida A321 aviahalokatining karikaturalari yo‘q. Akkaunt 2015-yilning 7-yanvaridan yangilanmaydi. Chunki aynan mana shu kuni jurnal tahririyatiga hujum qilinib, 12 kishi buning natijasida halok bo‘lgan edi. Tvitterda Charlie Hebdo deb nomlangan qator akkauntlar bo‘lib, ularning hech biri jurnalga aloqador emas. Checheniston prokuraturasi aynan qaysi akkauntdan A321 karikaturalarini uchratgani noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya samolyotining Misrdagi halokati mavzusida karikaturalar chop etgan Fransiyaning Charlie Hebdo gazetasi xodimlarini yaramaslar deb atagan edi.
Izoh (0)