Tergovchilar Parijdagi “Bataklan” teatriga hujum qilgan guruh tarkibida bo‘lgan yana bir terrorchining shaxsini aniqladi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” RTL’ga tayanib. U kontrrazvedkaga tanish bo‘lgan Fransiya fuqarosi bo‘lib chiqdi.
Terrorchining shaxsini uning fotosuratiga qarab ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari aniqlagan. Ta’kidlanishicha, ismi oshkor etilmayotgan terrorchi radikal doiralarga aloqadorligi tufayli hisobda turgan.
Fransiya OAVlari, shuningdek, teatrga hujum qilgan guruhning barcha terrorchilari Suriyaga borib kelgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Avvalroq Ismoil Umar Mustafo va Samiy Amimur ismli terrorchilarning shaxsi aniqlangan edi.
Ayni paytda huquqni himoya qilish organlari Parijdagi ketma-ket hujumlarda qatnashgan sakkizinchi terrorchi — Saloh Abdusalomni qidirmoqda.
Avvalroq Parijdagi teraktlar tufayli qidiruvga berilgan Saloh Abdusalomning akasi Muhammad Bryusselda ayblov e’lon qilinmay qo‘yib yuborilgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)