14-noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni munosabati bilan O‘zbekistonda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida har yili noyabrda diabetga qarshi kurash oyligi o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar “Umid” jamoat birlashmasi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan joylarda kasallik profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha shifokorlar ishtirokida ilmiy anjumanlar tashkil etilmoqda.
Toshkentda keksalarda diabet kelib chiqishining oldini olishga bag‘ishlab tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda ana shu yo‘nalishdagi dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Keksalarda diabet kasalligi kelib chiqishining oldini olish maqsadida tashkil etilayotgan anjumanlarda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida ishlaydigan shifokorlar qamrab olinib, tibbiy-profilaktika ishlarini tashkil etish, tashxis va davolash amaliyotida qo‘llanilayotgan yangi yo‘nalishlar bo‘yicha tajribalar ommalashtirilmoqda.
Tadbirda sog‘lom turmush tarzini yuritish, aholini o‘z vaqtida birlamchi tibbiy ko‘rikka jalb etish, aniqlangan kasalliklarni sog‘lomlashtirish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, gerontologiya xizmatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.