Toshkent shahridagi Chilonzor ko‘chasining “Chilonzor” savdo markazi oldidagi serqatnov qismida avtomobilidan tushib, qariya ayolning yo‘ldan o‘tishiga yordam bergan haydovchi ijtimoiy tarmoqlarda olqishlandi. Vaziyat aks etgan videoyozuv Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
“Hozirgina bir yoshgina yigit yo‘lda harakatni to‘xtatib, buvijonni yo‘ldan o‘tkazib qo‘ydi! Sizga katta rahmat, yigitcha! Gap bo‘lishi mumkin emas! Faqat xursandman!”, — deb yozadi videoni guruhga joylagan foydalanuvchi. Aksariyat foydalanuvchilar Lacetti haydovchisining bu harakatlari haqida faqat iliq fikrlar bildirgan.
Ba’zi foydalanuvchilar Chilonzor ko‘chasidagi yo‘lning bu qismida harakat “shunchaki qo‘rqinchli” ekanini, bu yerda yo‘lni belgilanmagan joydan “faqat kamikadzelar kesib o‘tishi”ni alohida qayd etgan.
Ayni vaqtda, bir guruh foydalanuvchilar haydovchilik madaniyati yomonlashib ketganidan noligan. “Dahshat, qanday ahvolga tushib qoldik axir! Bir buvini yo‘ldan o‘tkazib qo‘yish — katta bir qahramonlikka tenglashtirilsa-ya! Avvallari bu oddiy, har kim qilishi kerak bo‘lgan holat edi”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
Izoh (0)