O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov 5-noyabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar beradi.
Li Xvan Sop Janubiy Koreya delegatsiyasi tarkibida Xalqaro investitsiyaviy forumda ishtirok etish uchun Toshkentga yetib keldi.
Suhbat chog‘ida Janubiy koreyalik investorlarning mamlakatdagi davlat korxonalari va aktivlarini xususiylashtirish jarayonida ishtiroki, yetakchi sanoat va infratuzilma tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va infratuzilmaviy tarmoqlardagi davlat aktivlarini sotib olish bo‘yicha umumiy qiymati 220 million dollardan ziyod 24 bitim va memorandum imzolanishini yuksak baholadi.
Li Xvan Sop Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi.
Izoh (0)