Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev Surxondaryo viloyati prokurori etib tayinlandi. “Huquq” gazetasining 5-noyabr sonida berilgan axborotga ko‘ra, bu haqdagi buyruq 2015-yil 31-oktabr kuni O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tomonidan imzolangan.
1975-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan Botir Qudratxo‘jayev 1997-yili Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. U dastlab faoliyatini 1997-yili O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi kadrlar bo‘limi ish yurituvchisi sifatida boshlab, 2000-yildan Farg‘ona harbiy prokuraturasi tergovchi-kriminalisti, 2001-yildan Toshkent harbiy okrug harbiy prokuraturasi katta tergovchisi, bo‘lim harbiy prokurori lavozimida mehnat qilgan.
Botir Qudratxo‘jayev 2003-yildan O‘zbekiston harbiy prokurorining kadrlar bo‘yicha yordamchisi, 2004-yildan Farg‘ona harbiy prokurorining o‘rinbosari va 2006-yildan O‘zbekiston harbiy prokurorining katta yordamchisi lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2010—2012-yillarda Sharqiy harbiy okrug harbiy prokurori lavozimida, 2012—2014-yillarda O‘zbekiston harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
“Huquq” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Botir Qudratxo‘jayev 2014-yildan shu paytgacha Surxondaryo viloyat prokurori vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat olib borgan.
Izoh (0)