Toshkentda davom etayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida Samarqand avtomobil zavodi (“SamAvto”) dvigateli siqilgan tabiiy gaz (CNG)da ishlovchi avtobusni namoyish etdi. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.
CNG dvigatelli avtomobillarning ekologik jihatdan foydali, shuningdek, iqtisodiy samaradorligi sabab mazkur avtobusga bo‘lgan ehtiyoj ham yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
“SamAvto” bozordagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ISUZU Motors ko‘magida CNG dvigatelli yo‘lovchi avtobus ishlab chiqarishga qaror qildi.
Yuqori “Yevro-4” ekologik standartiga mos keluvchi CNG dvigatelli mazkur avtobuslar mahalliy yo‘lovchi transporti ishlab chiqarish tarmog‘ining yangi sifat darajasiga ko‘tarilishiga imkon beradi.
O‘zbekiston hukumati qaroriga muvofiq, ISUZU va “SamAvto”ning qo‘shma loyihasi doirasida 2011-yildan CNG dvigatelli tijoriy avtomobillarni ishlab chiqarish boshlangan.
2013-yili gaz dvigatelida harakatlanuvchi yuk avtomobillari reazilatsiya qilinishi boshlangan bo‘lsa, 2014-yili zavod CNG dvigatelli ixtisoslashgan chiqindi tashuvchi avtomobillarni yetkazib berish uchun buyurtma oldi.
Ayni vaqtda “SamAvto” past polli LE60 shahar avtobuslarini ishlab chiqarishni davom ettirmoqda. Zavod shu rusumdagi dastlabki avtobuslarni O‘zbekistonning bir qator avtosaroylariga yetkazib berdi.
Zavodda hozirgi vaqtda yo‘lovchi sig‘imi 56 kishigacha, dvigatelining quvvati 100—190 ot kuchi oralig‘ida bo‘lgan to‘rt turdagi avtobuslar, shuningdek, 7 modeldagi yuk va maxsus avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.
“SamAvto” zavodi 2007-yildan beri Isuzu Motors agregatlari bazasida 22 mingdan ortiq avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ulgurdi.
Izoh (0)