Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi dunyoning eng yirik energetika kompaniyalari reytingining birinchi o‘nligini tark etdi. 27-oktabr, seshanba kuni chop etilgan Platts Top 250 Global Energy Company Rankings manbalari shundan dalolat bermoqda, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
Joriy yilda “Gazprom” o‘tgan yilgi 4-o‘rindan 43-o‘ringa tushib qolgan. Rossiya kompaniyalaridan birinchi o‘nlikda faqat o‘tgan yilgi oltinchi o‘rindan 10-o‘ringa surilgan “Rosneft” qoldi, xolos. Mamlakatning boshqa energetika kompaniyalari ham o‘z mavqeyini boy bergan: ular qatorida “Lukoyl” (11-o‘rindan 13-o‘ringa), “Novatek” (55-o‘rindan 133-o‘ringa) va “Bashneft” (67-o‘rindan 101-o‘ringa) kompaniyalarini sanab o‘tish mumkin.
Reytingda qatorasiga 11-yil peshqadamlikni saqlab kelayotgan ExxonMobil (AQSh) boshqardi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni tegishli ravishda Chevron va Royal Dutch Shell egallagan.
Platts dunyoning eng yirik energetika kompaniyalari reytingini 2001-yildan beri e’lon qilib kelmoqda. Uni tuzishda kompaniyalar daromadi, foydasi, aktivlari qiymati hamda korxonalar investitsiya qilgan kapital keltirgan foyda hisobga olinadi.
Izoh (0)