Rossiyalik milliarder Mixail Proxorov Rossiyadagi joriy vaziyatni 90-yillardagi holatga qiyosladi. Bu haqda u Livejournal servisidagi blogida yozdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning dastlab uch yillik budjetdan voz kechib, so‘ng 1—6 oyga mo‘ljallangan strategik qarorlar qabul qilish yo‘liga o‘tishni boshlagani unga ayniqsa 1990-yillarni eslatmoqda.
“Iqtisodiy hokimiyat tepasida o‘tirganlarning rejalashtirish yo‘nalishidagi g‘oyalari qanchalik tez o‘zgarayotgani meni alohida hayron qoldirmoqda: avvaliga uch yillik budjetdan voz kechildi, endi esa bir oydan olti oygacha mo‘ljallangan ‘strategik’ qarorlar qabul qilinmoqda, keyin nima bo‘ladi... Ko‘ramiz. Odamlar maoshdan maoshgacha yashagan 90-yillarda ham xuddi shunday bo‘lgandi. Iqtisodiy hukumatimiz egalari oldida iqtisodiyotni 90-yillardagi, balki undan ham oldinroq — har yerda bir xil narxlar, sohada bitta davlat kompaniyasi, hamma uchun bitta brend bo‘lgan davrlardagi hajmga tushirib qo‘yish vazifasi turganligiga ishonging kelmaydi”, — deb yozadi Proxorov.
Ayni vaqtda, Proxorovning qayd etishicha, iqtisodiyotni kuzatib borayotgan kishiga Rossiyada iqtisodiy faollikni siqish jarayoni ketayotgani ochiq ko‘rinib qolgan, bu jarayonda sanksiyalar o‘ziga xos rolni ijro etdi.
Avvalroq boshqa bir rossiyalik milliarder — Oleg Deripaska hukumat harakatlarini tanqid ostiga olib, Rossiya iqtisodiyoti uchun eng yomon kunlar hali oldinda ekanligi haqida fikr bildirgan edi.
Izoh (0)