Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe “mamlakat uchun halok bo‘lganlar qalbi orom topgan makon” hisoblanadigan Tokiodagi Yasukuni ibodatxonasiga hadyalar jo‘natdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Abe Xitoy va Janubiy Koreyaning salbiy munosabatini inobatga olib, ibodatxonaga shaxsan tashrif buyurishdan tiyilishga qaror qildi. Bunday tashrif Seulda noyabr oyida uch tomonlama sammit o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvni barbod qilishi mumkin edi.
Sindzo Abe bosh vazir etib saylanganidan beri (2012-yil, dekabr) Yasukuni ibodatxonasiga atigi bir marta, 2013-yil dekabrida borgan. Bu Xitoy va Janubiy Koreya bilan munosabatlar buzilishi, shuningdek, Yaponiyaning asosiy ittifoqdoshi — AQSh bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgandi. Shundan beri Abe bahorgi va kuzgi bayramlar chog‘ida ibodatxonaga o‘z nomidan tortiqlar yuborish bilan cheklanadi. Biroq uning mahkamasi vazirlari ibodatxonaga borishni kanda qilmaydi.
Yasukuni ikkinchi jahon urushi yillaridagi Yaponiyaning tajovuzkorona siyosati bilan qiyoslanadi, unga tashrif buyurish esa mintaqada mazkur davlatning ilgarigi mavqeini tiklashga urinish sifatida qabul qilinadi. Ibodatxonada turli urushlarda halok bo‘lgan 2,5 million nafar yapon askar va zobitlari ismi-shariflari bitilgan yorliqlar saqlanadi.
Izoh (0)