O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi haqidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar beradi.
Yo‘riqnoma yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan ustunlik beruvchi huquqdan foydalanuvchi tezkor va maxsus xizmatlarga qarashli transport vositalarining haydovchilari tomonidan qoida buzilish holatlarining maxsus avtomatlashtirilgan foto va videokuzatuv texnik vositalari tomonidan qayd etilishi bilan bog‘liq ma’muriy ishlarga doir qoida bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, qoidabuzarlik haqidagi ma’muriy ishlar kechiktirib bo‘lmas xizmat vazifalarini bajarayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng tugatiladi.
Qo‘shimchalarga muvofiq, avtomatlashtirilgan vositalar tomonidan yuqoridagi holatda aniqlangan qoidabuzarliklar haqida ma’muriy bayonnoma tuzilmaydi hamda haydovchilik guvohnomasi taloniga ham qayd etilmaydi.
Izoh (0)