O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishdagi asosiy gumonlanuvchilar — bu klublarning katta rahbarlaridir. O‘FF rahbari bu haqda 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
Mirabror Usmonovning qayd etishicha, “klubda rasman ishlamaydigan katta-katta rahbarlar borki, futbolning bugungi ob-havosiga ta’sir ko‘rsatishga urinadi. Ular klublar, murabbiylar qolib, maydondagi futbolchilarni yo‘ldan urishga harakat qiladi va bunday rahbarlar allaqachon kuzatuv ostiga olingan”.
“Men sizga va’da beramanki, bunday rahbarlar yanvar oyigacha futboldan ketadi. Meni gapimni yaxshilab yetkazinglar, o‘zlari yaxshilikcha ketmasa, sharmandalik bilan ketadilar”, — dedi O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasi doirasida 25-sentabr kuni o‘tkazilgan “Paxtakor” — “Metallurg” (3:2) uchrashuvining so‘nggi daqiqalari O‘FF tomonidan sport prinsiplari va etikasiga zid deb topilib, “Metallurg” bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning litsenziyasi 2015-yil oxiriga qadar bekor qilingani futbol jamoatchiligi o‘rtasida shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
O‘FF prezidenti “Paxtakor” — “Metallurg” uchrashuvida ro‘y bergan voqealarni “katta sharmandalik” deb atab, 2015-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra “Paxtakor” futbol klubi qattiq jazolanishini, kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani isbotlangan jamoalarni esa unvonlaridan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)