Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Yozef Blatter tashkilot bilan bog‘liq ketma-ket korrupsiyaga oid shov-shuvlarga qaramasdan, o‘z lavozimini tark etishdan bosh tortdi, deya xabar bermoqda Reuters Blatterning advokatlaridan biriga tayanib.
“Blatter FIFAdagi hamkasblariga hukumat bilan hamkorlik qilayotganini aytib, qonunga xilof hech bir ish qilmaganini va FIFA prezidenti lavozimida qolishini ta’kidladi”, — deyiladi advokat bayonotida.
Shuningdek, advokat aytishicha, UEFA prezidenti Mishel Platiniga pul o‘tkazish haqida gapirar ekan, Blatter uning FIFA bilan 1998-yildan buyon prezident maslahatchisi sifatida hamkorlik qilib kelishini, to‘lov esa uning ishi uchun berilgan qonuniy kompensatsiya ekanligini qayd etgan.
26-sentabr kuni FIFA Axloq qo‘mitasi Blatter va Platiniga nisbatan tekshiruv boshlagani xabar berilgan edi.
Undan avvalroq esa Shveysariya FIFA rahbari Yozef Blatterga nisbatan jinoiy tergov boshlagan edi. Uni mas’uliyatsizlik va mol-mulkni noqonuniy o‘zlashtirib olishda ayblashmoqda. Blatter federatsiya uchun foydasiz bo‘lgan teletranslyatsiya shartnomasini tuzishda gumon qilinmoqda. Shartnoma 2005-yilda KONKAKAFning o‘sha paytdagi rahbari Jek Uorner bilan imzolangan. Bundan tashqari, FIFA prezidenti UEFA rahbari Mishel Platiniga noqonuniy pul o‘tkazganlikda shubha qilinmoqda. Bunda gap ikki million frank haqida bormoqda. Ushbu summani Blatter 2011-yilda to‘lagan.
Izoh (0)