Rossiyaning “Gazprom” va Xitoyning CNPC kompaniyalari Uzoq Sharq hududidan Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda, “RBK” xabariga ko‘ra, “Gazprom” rahbari Aleksey Miller ma’lum qilgan.
Memorandumga muvofiq, Rossiya tomonidan Xitoyga, Sharqiy va G‘arbiy yo‘nalishlar bilan bir qatorda, yangi — uchinchi yo‘nalish bo‘yicha gaz yetkazib berish nazarda tutilmoqda. “Bu yangi, uchinchi gaz quvuri bo‘ladi”, — dedi Miller hamda yetkazib beriladigan gaz miqdori va muddati yuzasidan qo‘shimcha tijoriy va texnik tadqiqotlar o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.
2014-yil 1-sentabrida “Sibir kuchi” nomli gaz quvuri qurilishi boshlangan edi — mazkur quvur orqali Rossiya Xitoyga gaz yetkazib beradi. Bu boradagi tegishli shartnoma 2014-yil mayida imzolangan edi. Hujjat 30 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Rossiya yiliga 38 milliard metr kub gaz yetkazib berish majburiyatini olgan. Gaz yetkazib berish 2019—2021-yillar oralig‘ida boshlanishi kutilmoqda.
Izoh (0)