Ukraina Oliy Radasi binosi oldidagi tartibsizliklar vaqtida yaralangan Ukraina Milliy gvardiyasi jangchisi kasalxonada vafot etdi. Bu haqda, Meduza’ning yozishicha, Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov Twitter’da ma’lum qildi.
Ukraina Ichki ishlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Oliy Rada yaqinidagi to‘qnashuvlar natijasida 141 kishi jabrlangan, ularning 131 nafari militsionerlar va Milliy gvardiya jangchilaridir. Tartibsizliklar davomida 18 kishi hibsga olingan.
Ukraina Oliy Radasi binosi oldidagi tartibsizliklar 31-avgust kuni, deputatlar konstitutsiyaviy islohotlar loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullaganliklari ma’lum bo‘lganidan so‘ng boshlandi. To‘qnashuvlar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga qarata granata otilgani aytilmoqda.
Oliy Rada oldidagi namoyishda millatchilik kayfiyatidagi “Svoboda” birlashmasi tarafdorlari qatnashgan. Vazir Arsen Avakov “Svoboda” va uning yetakchisi Oleg Tyagnibokni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qotillikda aybladi. “Tyagnibok bizning askarlarimizni o‘ldirgan banditlarni boshlab keldi!”, — dedi IIV rahbari.
Izoh (0)