AQSh prezidenti Barak Obama oilasi bilan birga Vashingtonni tark etib, ta’tilni o‘tkazish uchun Atlantika okeani sohillaridagi hashamatli Martas-Vin’yard kurortiga yo‘l oldi. “Korrespondent.net” xabariga ko‘ra, Obama 23-avgustga qadar davom etadigan ta’tilga ayoli va kichik qizi bilan birga yo‘l olgan.
Ma’lum qilishlaricha, ta’til davomida prezident oilasiga milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Syuzan Rays va Oq uy katta maslahatchisi Valeri Jarret hamrohlik qiladi. Obamalar oilasi kurortdagi umumiy maydoni 4 gektar bo‘lgan 12 million dollarli villada istiqomat qiladi.
Avvalroq Obamaning 17 kunlik ta’tili o‘rtacha amerikalikning mehnat ta’tilidan to‘rt barobar ko‘p ekanligi haqida xabar berilgandi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, AQShda ishlayotgan fuqaro bir yilda bir marta 16 kunlik puli to‘lanadigan mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin. Biroq mamlakatdagi mehnatkashlarning faqat 25 foizi bu huquqdan foydalanadi, qolgan amerikaliklarning o‘rtacha mehnat ta’tili atigi 4 kun davom etadi.