Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) 26-iyuldan 2-avgustgacha Toshkent xalqaro aeroportining yangi yo‘lovchi terminali (Toshkent—4) qurilishining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun dastlabki tadqiqotlarni o‘tkazish maqsadida mutaxassislar guruhini jo‘natdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Guruh havo siyosati, aeroportlarni boshqarish, qurilish, moliya kabi sohalar bo‘yicha mutaxassislardan iborat bo‘lib, mahalliy sharoitlarni o‘rganish, loyihani amalga oshirish muddatlarini, hajmini, vazifalarni va zarur byudjetni aniqlash maqsadida tashrif buyurdi.
Tashrif davomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK (loyiha bo‘yicha asosiy sherik), Iqtisodiyot hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va boshqa muassasalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Guruh materiallarni dastlabki o‘rganishni amalga oshirib, qiziqtirgan savollar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazdi. 2015-yil 1-avgust kuni o‘tkazilgan yakuniy yig‘ilishda protokol imzolanib, natijalar haqida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovga ma’lumot berildi.
Joriy yilning sentabr oyida hukumatlararo bitim imzolangach, texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish loyihasining ijrochilari tanlab olinadi. Texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqishga kelasi yil boshida kirishilishi kutilmoqda.
Izoh (0)