Samarqand avtomobil zavodi (“SamAvto”) siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan dvigatelli birinchi avtobusni taqdim etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”. Avtobus taqdimoti 30-iyul kuni Isuzu Motors prezidenti Susumu Xosoi rahbarligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya delegatsiyasiga namoyish etilgan tajribaviy nusxa Isuzu Motors va Itochu Corporation tomonidan ijobiy baholandi. Yevro-4 ekologik standartiga mos tushuvchi ushbu avtobus turi mahalliy yo‘lovchi transporti yangi sifat darajasiga chiqishi uchun imkon yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining ustav kapitalidan 8 foizlik ulushni o‘zlashtirish bo‘yicha “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishuv imzolagan edi.
Isuzu Motors va “O‘zavtosanoat” AK hamkorligi 2007-yilda boshlangan edi. Siqilgan tabiiy gazda harakatlanadigan yuk avtomobillarining yangi modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu hamkorlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Izoh (0)