O‘zbekiston hukumati Termiz shahrining 2035-yilgacha bo‘lgan bosh rejasini tasdiqladi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Bosh rejada Termizning markaziy qismini rekonstruksiya qilish, ekologik jihatdan zararli korxonalarni shahar tashqarisiga chiqarish, hududlar va transport yo‘llarini kompleks obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan yangi turar-joy massivlarini qurish ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, shahar hududi 2014-yildagi 2,78 ming gektardan 2035-yilda 4,341 ming gektargacha kengayadi. Aholi soni 136,3 ming kishidan 195 ming kishigacha oshadi.
Termiz shahri tarkibiga Pattakkesar posyolkasi to‘liq, Manguzar, Chegara, Namuna, Paxtakor, Guliston, Tinchlik posyolkalari qisman kiritilishi ko‘zda tutilgan. Shaharga Termiz tumanidan 432,15 gektar hudud qo‘shib olinadi.
Izoh (0)