Hozirgi paytda Qozog‘istonda kelin uchun qalin to‘lash nikohning majburiy shartlaridan biri hisoblanmaydi. Shunga qaramasdan, o‘tgan yili qozog‘istonlik kuyovlar besh milliard tenge (27 million dollar atrofida) miqdorida qalin puli bergan. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Manbalarga ko‘ra, kambag‘al oilalar kelin uchun 250—500 dollar qalin puli bersa, o‘rtahol oilalar uchun bu ko‘rsatkich 1—3 ming dollargacha yetadi. O‘ziga to‘q qozog‘istonliklar besh ming dollar va undan ko‘proq qalin puli beradi. Uning miqdori kelinning o‘qimishliligi, epliligi, shuningdek, yashash hududi bilan bog‘liq.
National Business internet-portalining ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda qozoqlarning 103 563 ta nikohi qayd etilgan. Kelinlar uchun eng minimal to‘lov 50 ming tengeni (250 dollardan ko‘proq) tashkil etgan bo‘lsa-da, yillik qalin puli miqdori 5 milliard tengedan oshib ketgan.
Izoh (0)