London shahrida o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Uimbldon” turnirining ayollar o‘rtasidagi musobaqa g‘olibasi aniqlandi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Hal qiluvchi uchrashuvga sayyoramizning birinchi raqamli tennis malikasi amerikalik Serena Uilyams hamda ispaniyalik Garbin Mugurusalar yetib keldi.
Bu ikki tennischi shu paytgacha o‘zaro uch marotaba to‘qnash kelgandi. Ikki uchrashuvda Serenaning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, bir bahsda Mugurusa zafar quchgandi. O‘zaro to‘rtinchi uchrashuvda Serena yana g‘alaba qozondi. Bir soatu 22 daqiqa davom etgan final bahsida Uilyamslarning kichigi o‘zidan 12 yosh kichik raqibasini 6:4, 6:4 hisobida taslim etdi.
Shu tariqa, Serena Uilyams joriy mavsumdagi ketma-ket uchinchi “Katta dubulg‘a” turnirida bosh mukofotga ega chiqdi. Bu uning faoliyatidagi ushbu toifadagi turnirdagi 21-tituli bo‘ldi. “Uimbldon”dagi g‘alaba Serenaga 1 million 880 ming funt sterling mukofot puli hamda 2000 reyting ochkosini taqdim etdi.
“RBK” bergan xabarga ko‘ra, amerikalik tennischi “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirlarda g‘alaba qozongan eng keksa tennischi ayolga aylandi. Final kuni u 33 yoshu 288 kunlik edi. Bundan avvalgi rekord yana bir amerikalik tennischi Martina Navratilovaga tegishli edi. Martina 1990-yilda “Uimbldon”da g‘alaba qozongan kunida 33 yoshu 263 kunlik edi.
Izoh (0)