Xabaringiz bor, superog‘ir vazn toifasining WBA (Regular) versiyasi kamari sohibi o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev bugun Germaniyaning Magdeburg shahrida asli italiyalik bo‘lgan, Germaniya sharafini himoya qiladigan Franchesko Pyanetaga qarshi ringga tushdi va raqibiga umuman imkoniyat qoldirmagan holda, 1-raunddayoq uni avvaliga nokdaun, keyin esa nokautga uchratdi, deb xabar qiladi “Uff.uz”.
Ushbu jangni ko‘pchilik qatori futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning “Lokomotiv” klubi himoyachisi Vitaliy Denisov ham kuzatib bordi. Vitaliy jang davomida Ruslan Chagayevga muxlislik qilib Twitter orqali turli fikrlar qoldirgan. Avvaliga u “Chagayev, Boks, faqat g‘alaba” deya yozgan bo‘lsa, jang boshlanib, Chagayev raqibini nokdaunga uchratgach: “Ajoyib zarba! Endi oxirigacha olib borish kerak”, deya ko‘tarinki fikr bildirdi.
Jang Ruslan Chagayevning g‘alabasi bilan yakuniga yetgach, Vitaliy Denisov hammani tabriklab o‘tdi.
“Boshga berilgan kuchli zarba va yakunda Ruslan Chagayev g‘oliblikka erishdi!!! Hammani g‘alaba bilan tabriklayman”, — deydi Vitaliy Denisov.
Eslatib o‘tamiz, bu jangda g‘olib bo‘lish uchun Ruslan Chagayevga 2 daqiqa-yu 57 soniya kifoya qildi.
Izoh (0)