Jahon yovvoyi tabiatni muhofaza qilish fondining Avstraliya bo‘limi tashkilotning YouTube xizmatidagi rasmiy kanaliga Katta To‘siq rifi haqidagi videoni joylashtirdi. Rolikning asosiy o‘ziga xosligi shundaki, u dengiz toshbaqasining kosasiga o‘rnatilgan kamera orqali suratga olingan.
Videoyozuv iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning ifloslanishi rifda yashovchi toshbaqa koloniyalari hayotiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan tadqiqot doirasida olingan. Mazkur jonivorlarning tabiiy muhitdagi harakatlari haqida ko‘proq ma’lumot olish niyatida olimlar tajribadagi toshbaqaga GoPro kamerasini o‘rnatib, so‘ng uni suvga qo‘yib yuborgan.
https://youtu.be/2I6hDqCrI9o
Rolik taxminan uch daqiqa davom etadi, shundan so‘ng erki o‘zida bo‘lmagan “operator” (Chelonia mydas yashil dengiz toshbaqasi) kamerani irg‘itib tashlab, so‘ng suzib ketadi. Qurilmani g‘avvos qutqarib qolgan.
Fond vakillarining fikricha, filmning e’lon qilinishi Katta To‘siq rifida hayot kechirayotgan dengiz toshbaqalari va boshqa 6 ming tur jonivorga tahdid solayotgan xavflarga jamoatchilik e’tiborini qaratishga yordam beradi.
Katta To‘siq rifi — jahondagi eng yirik marjon rifi bo‘lib, uni hatto koinotdan ham ko‘rish mumkin. U YuNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.