AQShning Ogayo shtati gubernatori Jon Keysich 21-iyul kuni mamlakat prezidenti saylovida Respublikachilar partiyasidan kurashga kirishishini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda “TASS”.
63 yoshli siyosatchi bu haqida shtat poytaxti Kolumbus shahridagi Ogayo universitetida qiladigan chiqishda ma’lum qilishi kutilmoqda. Keysich 2000-yilgi prezident saylovida ham qatnashish istagini bildirgan, biroq omadsiz kampaniya tufayli kurashdan chiqqan. U 2010-yildan buyon Ogayo shtati gubernatori lavozimida ishlab kelmoqda.
Hozirgacha 2016-yilgi prezident saylovida qatnashish istagini Respublikachilar partiyasidan senatorlar Ted Kruz, Rend Pol, Marko Rubio, Arkanzas shtati sobiq gubernatori Mayk Xakabi, sobiq senator Rik Santorum, Hewlett-Packard kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina, Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush va milliarder Donald Tramp e’lon qilgan.
Nyu-Jersi shtati gubernatori Kris Kristi bu haqda 30-iyun kuni e’lon qilishi kutilmoqda, Nyu-York shtati sobiq gubernatori Jorj Pataki esa yaqin qarindoshi kasalligi tufayli kurashdan chiqqanini e’lon qilgan. Aynan kim rasmiy nomzod bo‘lishi masalasi 2016-yil 18−21-iyul kunlari Klivlendda o‘tkaziladigan partiya syezdida hal qilinadi.
Demokratlar partiyasidan esa AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, Rod-Aylend shtati sobiq gubernatori Linkoln Cheffi va Merilend shtati sobiq gubernatori Martin O’Melli prezidentlik saylovida qatnashish istagini bildirgan. Biror partiyaga a’zo bo‘lmagan Vermont shtatidan mustaqil senator Bernard Sanders ham Demokratlar partiyasidan kurashga kirishishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)