Joriy yilning 12-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida O‘zbekiston—Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining Energetika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kichik qo‘mitasi navbatdagi 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tegishli vazirlik, muassasa va kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi.
Qo‘mita yig‘ilishiga Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan Xitoy Taraqqiyot va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, energetika davlat boshqarmasi raisi janob Nur Bekri rahbarlik qildi.
Shuningdek, mazkur tadbirda Xitoy energetika davlat boshqarmasi, Tashqi ishlar vazirligi, CNPC neft va gaz korporatsiyasi, CGNPC uran kompaniyasi, China Coal T&E Group ko‘mir korporatsiyasi, Pekin quyosh energiyasi ilmiy-tadqiqot instituti va qayta tiklanadigan energiya manbalari uskunalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Yingli Green Energy Holding Co. kompaniyasi vakillari ham qatnashdi.
Tadbirda energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, uning kelgusida manfaatli kelishuvlarga zamin bo‘ladigan qarorlarni qabul qilish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida va atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir doirasida tegishli kelishuvlar hamda enegetika sohasida hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan qator hujjatlar imzolandi.
Izoh (0)