NowSecure kompaniyasi tadqiqotchilari Samsung smartfonlari softida himoyalanmagan Wi-Fi tarmog‘i orqali qurilma egasiga tegishli axborotni qo‘lga kiritish imkonini beruvchi kamchilik topdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Muammo 2012-yilda chiqarilgan Galaxy S3’dan boshlab Samsung’ning Android’da ishlaydigan barcha smartfonlariga taalluqlidir. NowSecure hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday qurilmalar jami 600 milliontani tashkil etadi.
Kamchilik klaviatura ishlashi uchun javobgar bo‘lgan dasturiy ta’minotda aniqlangan, undan standart klaviaturani o‘chirib qo‘yish orqali qutulib bo‘lmaydi. Ekspertlar potensial xavf darajasini 10 balldan 8,3 ballga baholamoqda.
NowSecure aniqlik kiritishicha, kamchilikdan foydalanish unchalik oson emas, buning uchun qurilmaga klaviatura softi yangilanayotgan vaqtda ulanish kerak.
Tadqiqotchilar ushbu muammoni yetti oy avval aniqlagan va Samsung’ga xabar bergan edi. Biroq o‘sha vaqtdan buyon hech qanday chora ko‘rilmagani sababli NowSecure kamchilik haqidagi axborotni oshkor etishga qaror qildi.
Izoh (0)