Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, ba’zi mamlakatlar Rossiyaning NATOga hujum qilishi ehtimoli ortida qo‘rquvni ko‘pirtirishmoqda. Meduza.io’ning xabar berishicha, Putin bu haqda Italiyaning Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Rossiya prezidenti bunday xavotirni “nosog‘lom qo‘rquv” deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi mamlakatlarga Rossiyaning bostirib kirishi haqida bong urish qaysidir ma’noda foydali: “Ba’zilar frontbo‘yi mamlakatlari rolini o‘ynashni istashmoqda va buning uchun ularga qandaydir qo‘shimcha – yo harbiy, yo iqtisodiy, moliyaviy, mumkin bo‘lgan har qanday ko‘rinishda yordam ko‘rsatilishi kerak”.
Intervyu davomida Vladimir Putin Rossiya muxolifatiga ham baho berdi. Rossiya prezidentining fikricha, so‘nggi yillarda Rossiya siyosiy tizimi liberallashdi va muxolifatning muvaffaqiyati uning elektorat bilan ishlay bilish qobiliyatiga bog‘liq. Putin muxolifatning ahvolini murakkab deb baholashdan bosh tortdi.
“Qanday murakkablik bor? Agar muxolifat tuman, viloyat yoki mamlakat oldida turgan muammolarni hal qilishini isbotlay olsa, o‘ylashimcha, odamlar buni albatta sezishadi”, - dedi prezident.