AQSh prezidenti ma’muriyati Yevropa hududiga Rossiyaning harbiy obyektlariga zarba bera oladigan raketalarni joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda, Associated Press agentligiga asoslanib, Meduza.io xabar bermoqda.
Raketalarni joylashtirish masalasi Rossiya tomonidan o‘rta va qisqa masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma talablari buzilayotganiga javoban ko‘rilayotgan chora sifatida muhokama qilinmoqda. AQShning ma’lum qilishicha, Rossiya 1987 yildan beri amalda bo‘lgan shartnomaga rioya etmayapti, Rossiya esa mazkur ayblovlarni rad etmoqda.
AQSh Rossiya tomonidan qayd etilgan shartnoma talablari buzilayotganiga javoban uch xil variantn ko‘rib chiqmoqda. Ulardan birinchisiga ko‘ra, Rossiyaning o‘rta va qisqa masofalarga mo‘ljallangan raketalarini tutib olish maqsadida mudofaa tizimi kuchaytiriladi. Ikkinchi variant bo‘yicha (“qarshi harakat”) Yevropa hududiga Rossiyadagi raketa shaxtalariga zarba bera oladigan raketalar joylashtiriladi. Uchinchi variant esa Rossiyaga qarshi yadroviy qurol ishlatilishini ko‘zda tutadi.
Ayni vaqtda, AQSh prezidenti ma’muriyati vakillari Rossiya shartnoma talablarini bajarishiga va javob choralarini ko‘rishga ehtiyoj qoldirmasligiga umid qilmoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Associated Press’ning ushbu axborotiga izoh berarkan, Kreml “bunga jiddiy e’tibor qaratgani”ni ma’lum qildi. Ayni vaqtda, Peskovning qayd etishicha, “bu kabi xabarlarga baho berishdan avval, ularni obdon tahlil qilib chiqish kerak”.